OIVGA MAJBURIY TIBBIY TEKSHIRUV YOXUD SALOMATLIKNI ASRASH YO‘LIDA
Ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan yuuqumli OIV/OITS kasalligi, bu kasallikni aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan majburiy tibbiy tekshiruv va boshqa bir qator savollar bilan Respublika OITS ga qarshi kurashish markazi bo‘lim mudiri Farrux Xamroyev bilan suhbatlashdik.
OITS bo‘yicha ko‘rsatkichlar tahlili nimani ko‘rsatadi?
Statistik ma’lumotlar tahlil qilinganda kasallik aniqlanayotgan shaxslar orasida uzoq muddat chet elda bo‘lgan fuqarolar ulushi 2020 yildagi 26% dan 2024 yilga kelib 38,7% ga oshgan. Bu ko‘rsatkichlar faqat ixtiyoriy asosda tekshiruvdan o‘tganlar (434 ming nafar) fuqarolar orasida aniqlangan. Agar ushbu tekshiruvlar bilan o‘rtacha hisobda yiliga 1 mln,ga yaqin uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolar qamrab olinadigan bo‘lsa, kasallikni barvaqt aniqlash imkoni oshadi.
Majburiy tibbiy ko‘rik qanday maqsadda o‘tkaziladi?
Birinchi galda majburiy tibbiy ko‘rik ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan yuuqumli OIV/OITS va sil kasalliklarini oldini olishga qaratilgan. 1 nafar kasallikka chalingan fuqaro yoki shaxs to‘g‘risida gapirganda, ushbu shaxs kamida yana 1 nafar insonga bu kasallikni yuqtirishi xavfi bor. Ko‘pincha bu uning oila a’zolariga tegishli bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘i yoki birga yashovchi boshqa oila a’zosi. Kasallikni o‘z vaqtida aniqlab, tegishli choralar ko‘rilmasligi kasallanganlar sonini kamida 2 baravar oshishiga olib kelishi mumkin.
Tekshiruvlar o‘tkazish uchun respublika byudjetidan mablag‘ ajratiladimi?
“2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunning 5-ilovasiga muvofiq belgilangan joriy yil uchun respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilariga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlariga asosan OIV/OITS va sil kasalliklariga qarshi kurashish yo‘nalishiga 155,2 mlrd so‘m rejalashtirilgan.
Ushbu ajratilgan mablag‘ doirasida bugungi kun holatiga:
OIV/OITS bo‘yicha 2,1 mln nafar fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi, yil yakuniga qadar 3.7 mln nafar fuqaroni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati mavjud;
2024 yil davomida OIV/OITS va sil kasalliklari bo‘yicha jami 5,1 mln nafar fuqaro tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilganligini inobatga olib, joriy yil yakuniga qadar 3,2 mln nafar fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi kutilmoqda.
2025 yilning ikkinchi yarmida esa 500 ming ortiq uzoq muddat davomida chel elda bo‘lib qaytgan fuqarolarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ushbu kasalliklar bo‘yicha joriy yilning ikkinchi yarmida ajratilgan mablag‘ doirasida 4 mln nafar fuqaroni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati mavjudligi hisob-kitob qilingan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, uzoq muddat xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni to‘liq tibbiy tekshiruv bilan qamrab olinishi davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar sarflanishini yoki o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishini talab etmaydi.



