Ma’lumki, shu kunlarda yurtimizda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilish davri kuzatilmoqda.
Ayniqsa, bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida xastalikka chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan cezilarli darajada oshgani qayd etilyapti. Bu esa o‘z-o‘zidan bolalar klinik shifoxonalariga murojaatlar soni ortishiga ham sabab bo‘layotir.
O‘tkir respirator kasalliklar – havo-tomchi orqali yuqib, nafas yo‘llarining turli qismlari yallig‘lanishi va intoksikatsiya sindromi bilan kechadigan virusli xastaliklar guruhidir. O‘RK bolalarda yuqumli kasalliklar umumiy sonining 90 foizini tashkil etib, ularning barchasi mavsumiy xarakterga ega. Ya’ni, bu xastaliklar yilning boshqa davrlariga nisbatan aynan kuz-qish mavsumida ko‘p uchraydi. Bu guruhga bir necha kasalliklar, xususan, virusli – gripp, paragripp, adenovirus, rotavirus, enterovirus, shuningdek, bakterial– pnevmokokk, meningokokk, stafilokokk kabilar kiradi.
kunlar sovib, havo biroz pasayishi bilan yosh bolalar o‘rtasida O‘RK ko‘p uchraydi. Ayniqsa, 3 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar bu xastalik bilan ko‘proq og‘riydilar. Boisi ayni shu paytda ularning immun tizimi sustlashib, kasallikka qarshi kurashuvchanligi sezilarli darajada pasayadi.
Qolaversa, ayrim ota-onalar farzandida kasallikning kataral – burun oqish, aksirish, yo‘tal, bosh og‘rig‘i kabi belgilari kuzatilsa-da ularni bog‘cha yoki maktabga yuborishga monelik qilmaydi. Bu esa noto‘g‘ri. Boisi bolalar bir-biri bilan o‘zaro muloqotda bo‘lishi natijasida kasallikning keng tarqalishiga zamin yaratiladi. Ya’ni, yuqorida ta’kidlaganimizdek, o‘tkir respirator kasalliklar havo-tomchi orqali yuqishi sababli, virus tanachalari aksirganda yoki yo‘talganda 2-3 metrgacha tarqalib, ko‘pchilikni zararlaydi. Shu bois virusga chalingan bolani alohidalash va uni yakka tartibda davolash lozim.
— Kasallikning kechishi bola organizmi, xususan, uning immun tizimi bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni, ayrimlarda xastalik yengil darajada o‘tsa, ba’zilarda birmuncha og‘irroq kechadi. Kasallik asosan tumov bilan boshlanadi.
Keyinchalik burun oqishi kuzatilib, dastlab shilliq, keyinchalik yashil bo‘lib oqadi. Shuningdek, yo‘tal, tomoq qichishi, tana haroratining ko‘tarilishi, katta bolalarda tomoq og‘rishi, kichik yoshdagilarda esa tomoq qizarib, ovqat yeyishga qiynaladi.
O‘RI larning oldini olishning bir necha yo‘li mavjud:
Shaxsiy va umumiy gigiena qoidalariga rioya qilish
Sog‘lom va to‘laqonli ovqаtlantirish
Jismoniy faollikni oshirish



