O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga — o‘tkir diareya, salmonellyoz, ichburug‘, vabo kabi kasalliklar bo‘lib, ular ko‘pincha iflos suv, yuvilmagan meva-sabzavot yoki gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuqadi.
   Issiq mavsumda kasalliklarning tarqalishi keskin oshadi. Ayniqsa bolalar qaynatilmagan suv ichishi, ochiq suv havzalarida cho‘milishi yoki yuvilmagan oziq-ovqat iste’moli orqali tez yuqtirib olishi mumkin.

   Xo‘sh, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?Kasalliklarning yuqish yo‘llari va keltirib chiqaruvchi omillar nimalardan iborat?

      O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari — o‘tkir diareya, salmonellyoz, ichburug‘ (dizenteriya), vabo va boshqa bir qator o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini o‘z ichiga oladi. Ushbu kasalliklarni aksariyat hollarda bakteriya va viruslar qo‘zg‘atib, bemor hamda sog‘lom bakteriya tashuvchi insonlar kasallik qo‘zg‘atuvchilarining asosiy manbalari hisoblanadi. Ular kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni asosan najasi orqali tashqi muhitga chiqarib, tashqi muhitni kasallik qo‘zg‘atuvchilari bilan ifloslantiradilar.

   O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari bir-biriga juda o‘xshash bo‘lsa-da, ayrim yetakchi yuqish omillari orqali farqlanadi. Masalan, o‘tkir diareya, salmonellyoz, ichburug‘ (dizenteriya) kabi kasalliklarning yuqishida yetakchi omil — ifloslangan oziq-ovqat yoki tayyor taomlar bo‘lsa, vabo kasalligining yetakchi yuqish omili — ifloslangan suv hisoblanadi. Yuqorida sanab o‘tilgan o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari maishiy muloqot yo‘li bilan ham yuqadi. Ushbu kasalliklarning aholi orasida keng tarqalishiga pashsha va chivinlar ham muhim rol o‘ynaydi. Ular turli xil sig‘imdagi og‘zi ochiq qoldirilgan idishlardagi suv va usti ochiq qolgan taomlar hamda oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘nib, ularni ifloslaydi.

   O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining aholi orasida paydo bo‘lishi va ko‘payishi mavsumiy tusga ega bo‘lib, tashqi muhit harorati ko‘tarilishi bilan boshlanadi va keyinchalik kuchayadi. Kasalliklar, odatda, bahor fasli o‘rtalarida paydo bo‘lib, kech kuzgacha davom etadi. Ayniqsa 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning qaynatilmagan suv, har xil sifati kafolatlanmagan chanqovbosdi ichimliklar, meva-sabzavot va ko‘katlarni toza suvda yuvmasdan iste’mol qilishi hamda ushbu kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari bilan ifloslangan ochiq suv havzalarida cho‘milishi oqibatida kasalliklarni yuqtirib olish hollari ko‘payadi.

  Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar inson organizmiga tushganidan to kasallik alomatlari paydo bo‘lgunicha o‘tadigan vaqt “yashirin davr” deb ataladi. Bu davr barcha turdagi yuqumli kasalliklarga xos bo‘lib, bir necha soatdan 21 kungacha davom etishi mumkin.

   Kasalliklarning yuqish yo‘llari va kelib chiqaruvchi omillar:

   Qaynatilmagan suvni (sifati kafolatlanmagan ariq, kanal va boshqa ochiq suv havzalari) iste’mol qilish;

Uy sharoitida uzoq muddat saqlangan (sovutkichda saqlangan bo‘lsa ham) ovqatni iste’mol qilish;

Qovun-tarvuz, meva-chevalarni ko‘chadan xarid qilib, yuvmasdan, suvga chayqamasdan iste’mol qilish;

1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qarashda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik;

Yosh bolalarga beriladigan sun’iy yoki qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlash va saqlashda gigiyena qoidalariga amal qilmaslik.


   Unutmang!
Ovqatlanganda, ichimlik suvini iste’mol qilganda va bola parvarishida shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, kasallik alomatlari paydo bo‘lganda esa tezda shifokorga murojaat etish — o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari kelib chiqishining oldini olishda eng muhim omildir.