Yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab “Bilimlar kuni” tadbirlari ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan

Surxondaryo viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Abdusamad Mustanov o‘zi tahsil olgan Jarqo‘rg‘on tumanidagi 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etdi.

Tadbirda maktab jamoasi, ustozlar, o‘quvchilar hamda ota-onalar jam bo‘lib, yangi o‘quv yilini katta xursandchilik bilan qarshi oldilar. Tadbir davomida Abdusamad Mustanov barchani yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yo‘llangan bayram tabrigini yig‘ilganlarga o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, maktabning ilk bor bilim olish sari qadam qo‘yayotgan 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alarini topshirdi. Bu esa jajji o‘quvchilarga yanada katta quvonch va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tashrif davomida maktab kutubxonasining kitob fondini boyitishga ham alohida e’tibor qaratilib, 50 ga yaqin turli mazmundagi kitoblar maktab kutubxonasiga hadya qilindi.
Kitob — inson tafakkurini boyitadigan, dunyoqarashini kengaytiradigan va kelajak sari yetaklaydigan bebaho manba. Yosh avlodni kitobxonlikka jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasidagi bunday ezgu tashabbuslar alohida e’tiborga loyiq.
Ayniqsa, insonning o‘zi tahsil olgan maktabiga qaytib, bugungi yosh avlodga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi — ustozlarga hurmat, ta’lim maskaniga sadoqat va kelajak avlodga ehtiromning yorqin namunasidir.
 Bilimlar kuni muborak bo‘lsin!
 Yangi o‘quv yili barcha o‘quvchi va ustozlar uchun yangi imkoniyatlar, ulkan zafarlar va unutilmas quvonchlarga boy bo‘lsin!