Pnevmokokk infeksiyasi – pnevmokokk qo‘zg‘atadigan odamning yuqumli kasalliklari guruhi bo‘lib, asosan bolalarda uchraydi. Pnevmokokk sinusitlar, bronxitlar, endokarditlar, artritlar, meningit, otit sepsis, konyunktivit va boshqa xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Pnevmakkok infeksiyasi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘limga sabab bo‘luvchi yetakchi infeksiya hisoblanadi.
Kasallik bemor yoki bakteriya tashuvchidan aksa urganda va yo‘talganda yuqishi mumkin.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, pnevmokokk barcha zotiljam kasalligini 70 foizni, 25 foizga yaqin otitlarni, 5-15 foiz yiringli meningitlarni va 3 foizga yaqin endokarditlarni keltirib chiqaradi.
Pnevmokokk infeksiyalari odatda gripp, qizamiq va shunga o‘xshash boshqa respirator virusli kasalliklarni asoratlari hisoblanadi.
Asosan pnevmokokk 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida uchraydi, chunki ularning organizmi bakteriyalar o‘ta olmaydigan himoya baryeri, ya’ni antitelalar ishlab chiqara olmaydi.
Isitma, sovqotib qaltirash pnevmokokk infeksiyasining barcha turlariga xos.
Kasallikni oldini olish uchun nima qilish kerak?
Pnevmokokkli infeksiyalarni 30 yildan buyon qo‘llanib kelayotgan vaksinalar bilan emlash orqali oldini olish mumkin. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatdiki ommaviy emlash – bolalar o‘rtasida pnevmokokkli infeksiyalari kasalliklari keltirib chiqaradigan zotiljam kasalligini 80 foizga, otit kasalliklarini uchdan biriga kamaytiradi. Bolalar o‘rtasida pnevmokokk bo‘yicha basilla tashuvchilik qisqarib, emlanmagan bolalar va kattalar o‘rtasida kasallanish kamayadi.
6 oygacha bo‘lgan bolalar organizmida pnevmokokk infeksiyalariga qarshi ikki dozali vaksinasini birlamchi emlashi o‘tkazilganda, vaksina tarkibidagi barcha serotiplarga qarshi antitelar sezilarli darajada oshishi kuzatilgan. Emlash kursi tutilgach esa emlanganlarning 87 foizdan 100 foizgacha antitelaning himoya titri aniqlangan.
Kon’yugirlangan pnevmokok vaksinasi xavfsiz va barcha yoshdagi guruhlarda yaxshi qabul qilinadi. Hozirgi vaqtgacha, bu vaksinalar qo‘llanilgandan keyin og‘ir no’jo‘ya ta’sirlar ro‘yxatga olinmagan. Emlash olganlarning 10 foizida in’yeksiya joyida og‘riq, 1 foizdan kamrog‘ida isitma kabi yengil belgilar kuzatilgan.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, pnevmokokk infeksiyalariga qarshi vaksinani global qo‘llanilishi 2030 yilga borib 5,4 – 7,7 mln. nafar bolalarni o‘limdan asrab qoladi.



