Biz pandemiyalar va keng koʻlamli epidemiyalar paydo boʻlishi tarixi qadimgi davrlardan boshlanganligini tushunishimiz kerak. Eng xavfli yuqumli kasalliklarni yoʻq qilish va ulardan qutulishning yoʻli va imkoniyati emlash hisoblanadi.

Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) maʼlumotiga koʻra, Yer sayyorasida 1,2 mingdan ortiq yuqumli kasalliklar bor. Ular tufayli oʻlim soni jahondagi barcha oʻlim holatlarining toʻrtdan bir qismini, rivojlanayotgan davlatlarda esa — deyarli yarmini tashkil qiladi.

Virus — oʻta kichik koʻrinmas biologik mavjudot boʻlib, hayvonlarga, oʻsimliklarga, bakteriyalar va zamburugʻlarga yuqishi mumkin.

Viruslar – insonlarga va barcha tirik organizmlarga azaldan yoʻldosh boʻlgan. Ulardan eng xavflilariga misol keltirib oʻtamiz:

Poliomiyelit (bolalar falaji) — orqa miyani shikastlaydigan poliovirus tufayli kelib chiqadigan oʻtkir yuqumli kasallik. Odatda, alomatlarsiz kechadi, lekin baʼzida parezlar va falajlar bilan kechishi mumkin.

Vaksina yaratilishidan avval poliomiyelit hamma yerda tarqalgan edi.

OITS har kuni 2000 dan ziyod inson hayotiga zomin boʻladi. Immun tanqisligi virusi immun tizimining hujayralarini shikastlaydi, uni kuchsizlashtiradi, natijada orttirilgan immun tanqislik sindromini (OITS) rivojlantiradi. Bemor organizmi ikkilamchi yuqumli kasalliklardan va oʻsmalardan himoyalanish qobiliyatini yoʻqotadi. Davolanilmasa, bemor vafot etadi.

Gepatit B virusi. JSST ning baholashiga koʻra, 2 mlrd.ga yaqin kishilarga B gepatiti virusi yuqqan. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi qonga oʻtadi va jigar hujayralarini — gepatotsitlarni shikastlaydi. Virus yuqqan gepatotsitlar organizmning immun hujayralari uchun nishon boʻlib, ommaviy oʻladi, bu esa jigar funksiyalari va oʻt chiqishi buzilishiga olib keladi.