Kuydirgi kasalligi nima va uning oldini olish nima qilish lozim?
Kuydirgi — odam va hayvonlarda uchraydigan oʻtkir yuqumli kasallik; zoonoz kasalliklar guruhiga kiradi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi — Bacillus anthracis — spora hosil qiladigan harakatsiz tayoqcha. Sporalar juda chidamli boʻlib, suvda va tuproqda oʻn yillab (20—30 yil va undan ortiq) saqlanishi mumkin.
Kasallik qanday yuqadi? Odamga kasallik kasal hayvonlarni soʻyish,tozalash, goʻshtini nimtalash vaqtida, shuningdek, suv, tuproq, chorvachilik mahsulotlari orqali yuqadi. Odatda, kasallik shu soha xodimlarida, yaʼni hayvonlar bilan bevosita muloqotda boʻladigan kishilarda koʻproq kuzatiladi.
Kasallik qo’zg’atuvchilari sogʻlom odam organizmiga nafas yoʻllari, teri va ogʻiz orqali tushishi mumkin.
Odamda kasallikning oʻpkaga, ichakka, teriga zarar yetkazadigan va infeksiya qonga oʻtib tarqaladigan septik xillari uchraydi.
Kasallik belgilari ham zararlangan aʼzolarga qarab turlicha boʻladi. Kasallikning teri shaklida kasallik qoʻzgʻatuvchisi zararlangan teri orqali kiradi. Bu shaklda yashirin (inkubatsion) davr 2—3 kun. Terining infeksiya kirgan sohasida dastlab boʻrtma (papula) paydo boʻladi, u loyqa yoki qonli suyuqlik bilan toʻlgan pufakcha (pustoʻla)ga aylanadi. Pufakcha tez orada yorilib, qora qoʻtir boʻladi. Atrofida yangi pufakchalar hosil boʻlib, qora qoʻtir kattalashadi, uning tagida ogʻrimaydigan shish koʻzga tashlanadi. Odatda, shu jarohatni «kuydirgi xoʻppozi» deb ataladi. U koʻpincha yuz sohasi, bilak, boʻyin yoki oyoqda boʻladi. Bunda gavda temperaturasi koʻtarili-shi, bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, uyqu-sizlik va hokazo kuzatiladi. Oradan 2—3 hafta oʻtgach, bemor tuzala boshlaydi.
Kasallikning o’pka shaklida toʻsatdan isitma koʻtarilib, yoʻtal tutadi, qonli balgʻam keladi, bemorning koʻkrak sohasi ogʻriydi, nafas olishi qiyinlashadi.
Kasallikning ichak shaklida klinik belgilar ovqatdan zaharlanishga oʻxshab boshlanadi, bemor koʻngli aynib, qusadi, qorni qattiq ogʻriydi, ichi dam boʻladi. Kasallikning oʻpka va ichak shakllari juda kam uchraydi.
O’rta Osiyo xususan O’zbekistonda kasallikning teri shakli kuzatilishi mumkin.
Hayvonlarda qanday klinik belgilar kuzatiladi?
Kasallikning yashirin davri 1 —3 kun davom etadi. Mikrobning organizmga qayerdan kirishiga qarab teri (korbunkulyoz), ichak formalari boʻladi. Kasallikni oʻtkir holatlarida hayvon bir necha soat ichida (hatto 1 soat ichida) oʻladi. Hay-vonning burun, ogʻiz teshiklaridan qon aralash koʻpik, orqa teshikdan qora rangdagi qon oqadi, harorati 41—42° ga koʻtiriladi, nafas olish va yurak urishi tezlashadi, holsizlanadi, ishtaha yoʻqoladi va koʻpincha yotadi. Kasallikning ichak turlarida oshqozon, ichak organlari faoliyati boʻziladi va oʻlgandan keyin ham orqa va boshqa tabiiy teshiklaridan qon oqadi. Kasallik bilan kasallangan hayvonni bilmasdan soʻyganda qoni qop-qora boʻlib, ivimaydi. Bu kasallikdan gumon qilingan hayvonni soʻyish mumkin emas, chunki organizmdagi kapsula holatidagi tez oʻldirib boʻladigan kasallik qo’zg’atuvchisi tashqi kislorodli muhitga tushishi bilan juda chidamli spora turiga aylanadi va tuproqda 100 yilgacha saqlanib qoladi.
Kasallikning oldini olish bo’yicha tadbirlar
Kasal hayvonlar yakkalab qoʻyiladi, otxona, molxona, qoʻyxona, yem-xashak, asbob-anjomlar, shuningdek, goʻng dezinfeksiya qilinadi.
Yaylovlar haydaladi. Kasallikdan oʻlgan hayvonlar kuydiriladi yoki maxsus belgi qoʻyib yormasdan koʻmilib, ustiga xlorli ohak quyiladi. Kasallik qayd etilgan joylarda sogʻlom hayvonlar emlanadi.
Profilaktika maqsadida mollar bilan muloqotda boʻladigan kasbdagilar: chorvadorlar, qassoblar, teri oshlovchilar,sut sog’uvchilar,veterinarlar kuydirgiga qarshi vaksina bilan emlanadi.
Bosh sahifa HUJJATLAR PREZIDENTNING QARORLARI Kuydirgi kasalligi nima va uning oldini olish nima qilish lozim?