Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanovlar tomonidan Davlat rahbarining joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengash yig‘ilishida berilgan topshiriqlari hamda hududlarda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xarita”si ijrosini Namangan viloyatida o‘rganish natijalari bo‘yicha muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.




Yig‘ilishda, “yo‘l xarita”da belgilangan ayrim tadbirlar xususan, kadastr, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, bozorlarni raqamlashtirish sohasidagi chora-tadbirlar ijrosi kechikayotganligi tanqid ostiga olindi.
Shuningdek, hududdagi bozorlarda “raqamli bozor” dasturini joriy etilishi, korrupsiya va xufiyona iqtisodiyotni oldini olishga xizmat qilishi taʼkidlanib, raqamlashtirilishi belgilangan bozorlarda ishlarni jadallashtirish, qisqa muddatlarda bu boradagi ishlarni yakunlash zarurligi haqida ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, viloyatdagi maktabgacha va maktab taʼlim tashkilotlarida mavjud bo‘sh ish o‘rnlariga oliy taʼlim muassasalarini yangi tamomlagan bitiruvchilarni adolatli, xolis, ochiq va shaffof tartibda ishga olish choralarini ko‘rish belgilandi.
Shu bilan birga, qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektlarni foydalanish uchun ruxsatnoma berish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish to‘g‘risidagi murojaatlarning rad etilishi holatlarini asosliligini o‘rganish bo‘yicha alohida topshiriq berildi.
Yakunida “yo‘l xarita”da belgilangan tadbirlar ijrosini o‘z muddatlarida sifatli taʼminlash shuningdek, viloyatni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish borasida tegishli idoralarning takliflari muhokama qilindi va ularni amaliyotga joriy qilish choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha masʼul idoralar rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.



