Hech kimga sir emaski, bugungi kunda dunyo miqyosida ekologik vaziyat o‘zgaruvchan bo‘lib turibdi. Ana shunday bir sharoitda inson salomatligini asrash, uning sog‘ligi haqida g‘amxo‘rlik qilish muhim ahamiyatli ishlardan sanaladi. Shuning uchun ham aholi salomatligini ishonchli muhofaza etishda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini muhofaza qilish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish har jihatdan muhim hisoblanadi. Yaqinda muxbirimiz Surxondaryo viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Аbdusamat Mustanov bilan uchrashib, soha xodimlari viloyat miqyosida olib borayotgan ishlar ko‘lami to‘g‘risida suhbatlashib qaytdi.
–Absamat Norsoatovich, har yil yakunida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi olinadi, joriy yil uchun aniq rejalar tuziladi. Nazarimda, siz boshqarayotgan soha xodimlari faoliyati bir oz boshqacharoq kechadi. Yaʼni, odatda biz o‘rganib qolgan “belgilangan rejalar falon foizga uddalandi” qabilida emas, balki vaziyat taqozosi bilan yuzaga keladigan holatlarni tezkor o‘rganish natijasida ko‘rilgan chora-tadbirlar yakuniga qarab belgilanadi. Demoqchimanki, ko‘pchilik holatlarda joylarda yuzaga kelgan kutilmagan holatlar, sanitariya-epidemiologiya qoidalarini buzish ko‘p yoki oz sodir etilganligiga bog‘liq bo‘ladi. Ayting-chi, o‘tgan 2024 yil osoyishta o‘tdimi, natijalar ko‘ngildagidek bo‘ldimi?
–Haqiqatan ham aholi salomatligini muhofaza qilish, inson salomatligiga xavf soladigan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, yuqumli hamda virusli infeksiyalarga qarshi muntazam kurash olib borish – faoliyatimizning asosini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, aholi o‘rtasida kasallanish bilan bog‘liq kutilmagan ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelmasligi, yaʼni yuqumli kasalliklarning biror-bir turi tarqalib ketmasligining oldini olish ishlarini amaldagi qonun-qoidalar va talablar darajasida tashkil etish chora-tadbirlarini o‘z vaqtida ko‘rish biz uchun asosiy yo‘nalish hisoblanadi. Shunga ko‘ra, natijalar ham o‘zgarib turadi. Ammo asosiy ishlar reja asosida boriladi. Ana shunday xatti-harakatlarimiz tufayli o‘tgan yil va endigina boshlangan joriy yilning dastlabki oyida viloyatimiz aholisi orasida qorin tifi, salmonellyoz, paratif, bezgak, kuydirgi, ko‘kyo‘tal, difteriya, vabo, quturish kabi kasalliklar deyarli kuzatilmadi. Chunki 2024 yilning 12 oyi davomida viloyatimiz tuman va shaharlarida istiqomat qilayotgan aholi ehtiyojlariga yarasha 13 ta yuqumli kasalliklarga, xususan – sil, qizamiq, parotit, qizilcha, ko‘kyo‘tal, qoqshol, virusli gepatit V,A,S infeksiyalariga qarshi emlash uchun vaksinalar o‘z vaqtida keltirilib tarqatildi. Lekin pentavalent vaksinasi taʼminotida maʼlum bir uzilish bo‘lganligi sababli, 2024 yilning dekabr oyida viloyatga yetkazib kelindi va joylarga ehtiyojga yarasha 180 ming doza pentavalent vaksinasi tarqatildi. Shu tariqa, emlanmay qolgan bolalarni bu vaksina bilan emlash ishlari 2025 yilning yanvar-fevral oylari davomida amalga oshirilishi qatʼiy reja asosida amalga oshirilmoqda. O‘rni kelganda taʼkidlab o‘tayki, bugungi kunda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar kontingentini o‘z vaqtida vaksinatsiya va revaksinatsiya qilish uchun vaksinalar sotib olish sanitariya qoida va meʼyorlariga mos ravishda respublika Sanepidqo‘m tomonidan markazlashgan holda tashkil etilmoqda. Yanayam oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsam, 2024 yil davomida yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash ishlarini olib borish maqsadida 126 ming doza BSJ, 81 ming doza virusli gepatit V, 382 ming doza poliomiyelit, 153 ming doza KPK, 158 MING 800 doza rotoriks, 257 ming doza pnevmokokk, 326 ming doza qizamiq mono vaksinasi, 334 ming doza pentavalent, 155 ming 400 doza IPV, 38 ming 400 doza VPCH, 81 ming doza AKDS, 186 ming doza koronavirusga qarshi vaksinalar keltirildi va reja bo‘yicha shahar hamda tumanlarga taqsimot asosida tarqatib kelinmoqda. Ayni paytda virusli gepatit A kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida xodimlarimiz tomonidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda, ushbu kasallikka qarshi bolalarni emlash ishlari ham reja asosida tashkil etilmoqda. Natijada hozirgacha 14 yoshgacha bo‘lgan 17 ming nafar bolalar profilaktik emlash bilan qamrab olindi.
–Tushunishimcha, Siz boshqarayotgan santiraiya-epidemiologik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi xodimlari nafaqat yuqumli kasalliklar tarqalmasligi chora-tadbirlarini ko‘radi, balki inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazuvchi oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini taʼminlash ishlari bilan ham shug‘ullanadi. Ayting-chi, biz suhbatlashayotgan yil davomida bu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirildi?
–Bu yo‘nalishdagi ishlarimizni O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qarori hamda davlat andozalari aks etgan sanitariya qoida va meʼyorlari talablari asosida olib borayapmiz. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, o‘tgan bir yil davomida viloyat miqyosida joylardagi bo‘limlarimiz tomonidan bakteriologik tekshiruvlar uchun 4 ming 579 ta namuna olindi va laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazildi.
–Xo‘sh, natijalar qanday bo‘ldi?
–Laboratoriya tekshiruvlari orqali aniqlanishicha, yuqorida men keltirib o‘tgan ko‘rsatkichdagi namunalardan 256 tasi, yaʼni 5,6 foizi bakteriologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha amaldagi sanitariya qoidalari va meʼyorlariga javob bermasligi aniqlangan. Bu holatlar asosan, meva-sabzavot, konserva, go‘sht va go‘sht mahsulotlari hamda sut mahsulotlarida aniqlangan.
–Gapingizni bo‘lganim uchun, uzr. Ayting-chi, bu tekshiruvlar asosan qayerlarda o‘tkaziladi, yaʼni bozorlar, oshxona hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘kondarda olib boriladimi, yoki…
–Yo‘q, agar siz aytayotgan joylardagina tekshiruv o‘tkazsak va ularning ishini nazorat qilish bilan cheklansak, faoliyatimiz biryoqlama bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktab va oliy taʼlim va innovatsiyalar vazirligiga qarashli obyektlarda, davolash-profilaktika muassasalarida, kasab-hunar kollejlarida ham sanitariya nazorat tekshiruvlari olib boramiz.
–Kamchilik yoki qonunbuzarlik holatlariga duch kelinganda qanday choralar ko‘riladi?
–Avvalombor, tekshiruv natijalari asosida maʼmuriy bayonnomalar tuziladi va barcha maʼlumotlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, viloyat prokuraturasiga taqdim etiladi.
–Bu borada birorta aniq misol keltirsangiz yaxshi bo‘ladi.
–Marhamat. Bitta emas, bir necha misol keltirishm mumkin. Masalan, bugungi kunda viloyatimizda 465 ta davlat maktbagacha taʼlim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularda 865 marta nazorat-tekshiruv ishlari olib borildi. Laboratorik tekshiruvlar natijasida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 522 nafar masʼul xodimlar tegishli tartibda jarimaga tortildi. Xuddi shuningdek, 23 ta obyektda kamchiliklarni bartaraf etish uchun ish vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. Bundan tashqari, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan 150 nafar xodim vaqtinchalik ishdan chetlashtirildi. Shuningdek, viloyatimiz hududidagi 947ta umumiy o‘rta taʼlim maktablari bo‘lib, ularda yil mobaynida 1 ming 288 marta nazorat tekshirishlari o‘tkazildi. Laboratoriya tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, kamchilikka yo‘l qo‘yganligi uchun 590 nafar xodim jarimaga tortildi, 3 ta maktab faoliyati esa vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. Siz faoliyatimiz qanchalik kengligini so‘rayotganingiz uchun yana bitta o‘ziga xos xarakterga ega misol keltirib o‘tsam, o‘rinli bo‘ladi. O‘tgan 2024 yil davomida xodimlarimiz tomonidan viloyatimizdagi davlat tasarrufiga kiruvchi 669 ta davolash-profilaktika muassasalarida nazorat-tekshiruv ishlari amalga oshirildi. Natijada dez-epid rejimiga amal etilmayotganligi, shifoxona ichida infeksiya tarqalishining oldini olish choralariga rioya qilinmaganligi uchun 635 nafar masʼul shaxslarga nisbatan maʼmuriy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, 38 ta davolash-profilaktika muassasasi ishi vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi uchun bunday muassasalarda ishlayotgan xodimlardan 2 ming 536 nafari vaqtinchalik ishdan chetlashtirildi. Qo‘pol ravishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 93 nafar masʼul shaxslarga taqdimnomalar kiritildi. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, bir yilda 4 millirad 516 million 949 ming so‘mdan ko‘proq jarima solindi. Xullas, yil davomida tadbirkorlik subyektlari va byudjet tashkilotlarida jami 2 ming 840 marta nazorat-tekshiruv ishlari olib borildi. Natijalarga ko‘ra, aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish maqsadida 85 ta muassasa faoliyati vaqtincha to‘xtalishiga, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi uchun 3 ming 990 nafar ishchi-xodim vaqtincha ishdan chetlatilishiga muvaffaq bo‘lindi.
–Bu yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni ham rejalashtirib qo‘ygan bo‘lsalaringiz kerak, albatta.
–Bu tabiiy hol-ku. Avvalo, shuni aytib o‘tayki, boshqarmamiz uchun 2025 yilda besh qavatli yangi bino qurilishi boshlanadi. Darvoqe, Angor tumanidagi bo‘limimiz xodimlari zamonaviy loyihalar asosida qurilgan binoga allaqachon ko‘chib o‘tishdi. Qiziriq tumanida esa bino qurilishi ishlarini yakunlash va fevral oyi adog‘ida foydalanishga topshirilishi uchun so‘nggi ishlar amalga oshirilayapti. Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida infeksiyalarga qarshi kurashish loyihasining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 310-sonli qarori asosida qurilish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari, texnik jihozlar xarid qilish, kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirish, axborot kommunikatsiya tizimlarini joriy etish ishlarini yana-da rivojlantirishni rejalashtirganmiz.
–Mazmunli suhbatingiz uchun, rahmat!
O‘rol OLTIBOYEV
suhbatlashdi.