Bugungi kunda butun jahonda OIV infeksiyasi millionlab insonlarning umriga zomin bo‘layotgan, ko‘plab oilalarning tinchligini buzayotgan va shu bilan birgalikda dunyodagi davlatlar iqtisodiga katta zarar yetkazayotgan eng dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Darhaqiqat OIV infeksiyasi o‘zining oqibatlari bilan insoniyat salomatligiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.
OIV infeksiyasi nima va kasallik qanday belgilarda namoyon bo‘lishi va boshqa savollarga Respublika OITSga qarshi kurash markazi, profilaktik va epidemiyaga qarshi ishlar bo‘limi oliy toifali vrach-epidemiologi Nilufar Qodirova bilan o‘tkazilgan suhbatda batafsil to‘xtalib o‘tdi.
– Ma’lumki, odamning immunitet tanqisligi virusi oqibatida kelib chiqadigan kasallik, ya’ni OIV infeksiyasi bugungi kunda barcha mamlakatlar uchun muhim muammoga aylangan. Shu o‘rinda OIV infeksiyasi nima va kasallik qanday belgilarda namoyon bo‘lishiga to‘xtalib o‘tsangiz?
– OIV infeksiyasi – odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligi hisoblanib, kasallikning manbai OIV infeksiyasini yuqtirib olgan odamdir. Virus bemor odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. OIV infeksiyasining kechishi bir necha davrdan iborat. Infeksiya yashirin tarzda kechishi va bu davr bir necha oydan 5-10 yilgacha va undan ortiq davom etishi mumkin. Kasallikning yashirin davrida virusni yuqtirib olgan shaxslar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, OIVni yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirib yurishlari mumkin.
OIV infeksiyasida me’yorda ishlab turgan immunitet tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Virus organizmda ko‘payib asta-sekin immunitet tizimini mutlaqo izdan chiqaradi va natijada OITS rivojlanadi. Orittirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) davri – odamning immunitet tanqisligi virusi odamning immun tizimini shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan OIV infeksiyasining so‘nggi bosqichidir.
– OIV infeksiyasi yuqish xavfini kamaytirish mumkinmi?
– Yodda tutish kerakki, OIV infeksiyasi omma orasida tarqalishining oldini olishda barcha birgalikda kurashmog‘i lozim. Bugungi kunda OIV infeksiyasining oldini olish bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholi orasida OIV infeksiyasini erta aniqlash va kasallikning tarqalishini oldini olish yuzasidan mobil laboratoriyalarning tashkil etilishi va uning kasallikni xavfini yuqtirib olishi yuqori bo‘lgan aholi qatlamlarining testdan o‘tkazilishi ahamiyatga ega.
OIV infeksiyasining oldini olish va yuqish xavfini kamaytirish tomir orqali giyohvand modda qabul qilish zararini kamaytirish uchun respublikamizda “Ishonch xonalari” faoliyat yuritib kelmoqda. Barcha viloyatlarda OITSga qarshi kurash markazlarining ishonch telefonlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, OIV/OITS bo‘yicha savollarga javob olish uchun maslahatxonalar tashkil etilgan.
Agar Sizda OIV infeksiyasini yuqtirib olish xavfini tug‘dirgan omillar kuzatilgan bo‘lsa, OIV infeksiyasi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olish va ushbu kasallikka tekshirilish istagida bo‘lganlar o‘zlari yashab turgan joydagi poliklinika yoki Respublika va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy OITSga qarshi kurashish markazlariga murojaat etishlari mumkin. Kasallikning yuqqanligini erta aniqlash, inson sog‘lig‘ini imkon qadar uzoq muddatga yaxshi saqlashga yordam beradi. Mamlakatimizda aholi salomatligi uchun kerakli choralar muntazam amalga tatbiq etib kelinmoqda. Biroq, har bir inson o‘zining sog‘lig‘i uchun eng avvalo o‘zi qayg‘urmog‘i lozim. Buning uchun OIV infeksiyasidan saqlanish choralariga rioya etish talab etiladi. Sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashamoqlik salomatlikning eng yaxshi kafolatidir. Giyohvand moddalarni iste’mol qilishdan saqlanish, tasodifiy jinsiy aloqalardan o‘zini tiya bilish, tibbiy muolaja olayotganda asboblarning zararsizlantirilganligiga ahamiyat berish zarur. Pirsing, tatuirovka, tatuaj sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Tish chyotkasi, ustara, manikyur asboblarining shaxsiy bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
– Aholi orasida OIV infeksiyasi qanday yo‘llar orqali yuqishi va qanday holatlarda yuqmasligi yuzasidan ma’lumot bersangiz?
– Kasallikning 3 ta asosiy yuqish yo‘li mavjud:
1. Jinsiy aloqa orqali – OIV infeksiyasi bor shaxslar bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda yuqadi. Bunday holat begona shaxslar bilan betartib jinsiy hayot kechiruvchilar va yengil tabiatli shaxslar o‘rtasida ko‘proq uchraydi.
2. Qon orqali (parenteral) – infeksiya giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan jarrohlik, doyalik, stomatologik va boshqa tibbiy asboblar orqali tibbiy muolajalar olganda, shpris va ignalardan umumiy foydalanganda yuqadi. Shuningdek, badanga rasm chizdirish (tatuirovka), tananing turli joylariga taqinchoqlar taqish (pirsing), qosh va lablarga rang berish (tatuaj), shaxsiy gigiyena vositalari – tish chyotkasi, soqol olish anjomi va manikyur asboblaridan umumiy foydalanganda ham kasallik yuqib qolishi ehtimoldan xoli emas. Sababi, ushbu muolajalarning teri butunligi buzilishi bilan olib borilishi hamda bunda qo‘llaniladigan asboblarning zararsizlantirilganligiga har doim ham kafolat bo‘lmasligi kasallik yuqishiga zamin yaratadi.
3. Infeksiyaga chalingan homilador onadan bolaga (vertikal yo‘l) – virus homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘ruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali o‘tishi mumkin.
OIV infeksiyasi quyidagi hollarda yuqmaydi: qo‘l berib ko‘rishganda, yo‘talganda, aksa urganda, hasharotlar chaqqanda, hojatxonadan umumiy foydalanganda, kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shak orqali, birga ovqatlanganda, umumiy idish-tovoqdan foydalanganda kasallik yuqmaydi.
– Aholi, ayniqsa qishloq aholisining OIV infeksiyasi bo‘yicha xabardorligi va kasallik yuqishini oldini olish bo‘yicha hushyorligini oshirish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– OIV infeksiyasining oldini olishda maxsus profilaktik vositalarning yo‘qligi sababli, aholi, ayniqsa kasallik yuqish xavfi yuqori bo‘lganlar orasida umumiy targ‘ibot chora-tadbirlari olib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
2023 yil 20 yanvarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Qarorga muvofiq, aholi o‘rtasida OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan hamkorlikda amalga oshiriladigan tushuntirish-targ‘ibot ishlari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda Dasturda belgilangan OIV infeksiyasiga doir dolzarb masalalar bo‘yicha maqolalar, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar orqali aholi orasida OIV infeksiyasiga qarshi kurashishning ahamiyati muntazam va keng yoritilishi ta’minlanmoqda.
Ushbu qaror asosida aholi, eng avvalo yoshlarning OIV/OITS masalalaridan xabardorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar ikkita asosiy yo‘l bilan amalga oshirilishi lozim: biri ta’lim dasturlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchisida axborot-kommunikatsion texnologiyalarni rivojlantirish ko‘zda tutiladi. OIV infeksiyasini yuqishining oldini olish maqsadida mutaxassislar ishtirokida suhbat, ma’ruza, ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. Televideniye va radio orqali intervyular, gazeta va jurnallarda ta’sirchan maqolalar orqali aholining keng qatlamlari orasida targ‘ibot olib borilmoqda.