Telegram ijtimoiy tarmogʼida koʼp minglik obunachisi boʼlgan bloger “Muxbir Daliyev” sahifasida joriy yilning 18 oktyabr kuni “SES ga murojaat!” sarlavhali xabar eʼlon qilindi.

Unda Termiz shahri “Аlpomish” mahallasi, А.Navoiy koʼchasida joylashgan tamaddixonaning piyodalar yoʼlagiga yaqin joyda oʼrnatilgan kabob pishirish burchagidan har kuni kechki paytlarda tarqalayotgan tutun aholi salomatligiga, xususan, yosh bolalar sogʼligʼi uchun zarar yetkazayotgani, bunga tegishli chora koʼrish zarurligi bayon etilgan.

Surxondaryo viloyati Sanitariya epidemiologik-osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mazkur munosabatni toʼliq oʼrgangan holda quyidagilarni maʼlum qiladi:

Haqiqatan ham murojaatda koʼrsatilgan manzilda joylashgan “Muhammadali Аngor SSS” xususiy korxonasiga qarashli tamaddixonaning kabob pishirish joyidan chiqayotgan tutunning koʼlami inson salomatligiga salbiy taʼsir oʼtkazishi aniqlanib, kabob tayyorlash burchagiga havoni soʼrib oluvchi maxsus moslama oʼrnatilishi tashkillashtirildi.
Korxona rahbari N.Turgʼunovga nisbatan maʼmuriy bayonnoma toʼldirilib, sudga oshirish boʼyicha hujjatlar tayyorlandi.

Kelgusida bu kabi holatlarni oʼz vaqtida bartaraf etish boʼyicha masʼul mutaxassislarga tegishli koʼrsatmalar va topshiriqlar berildi.

Surxondaryo viloyat SEO va JS boshqarmasi
OАV va jamoatchilik bilan ishlash boʼlimi